
JIDUda “Ona tilimizga ehtirom – millatimizga ehtirom!” shiori ostida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi
JIDUda “Ona tilimizga ehtirom – millatimizga ehtirom!” shiori ostida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi

Til har bir xalqning ma’naviy boyligi, uning o‘zligini belgilab beruvchi asosiy mezondir. Jahon miqyosida madaniyatlar va tillar o‘rtasidagi aloqalar kengayib borayotgan hozirgi sharoitda milliy tilni asrash, uning sofligini ta’minlash va boy imkoniyatlaridan unumli foydalanish alohida e’tibor talab etmoqda. Tilimizni mukammal egallash har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lish bilan birga, jamiyat taraqqiyoti va ma’naviy yuksalishining muhim omili hisoblanadi. O‘zbek tili ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros, xalqimiz faxri va davlat mustaqilligimizning muhim ramzidir.
Bugungi kunda o‘zbek tilining rasmiy ish yuritish, diplomatiya, iqtisodiyot, ta’lim, ilm-fan sohalaridagi qo‘llanish doirasi tobora kengaymoqda. Shunday ekan, yosh avlod vakillari ona tilimizning so‘z boyligi, ifoda nozikliklari va imlo qoidalarini chuqur o‘zlashtirishi, ularni kundalik faoliyatida to‘g‘ri qo‘llay olishi lozim. Ayniqsa, kelajakda xalqaro maydonda yurtimiz manfaatlarini himoya qiladigan mutaxassislar uchun savodli yozish va ravon so‘zlash kasbiy mahoratning ajralmas qismi hisoblanadi.
Joriy yilning 14-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Eko-kutubxonasida O‘zbek va rus tillari kafedrasi tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi munosabati bilan “Ona tilimizga ehtirom – millatimizga ehtirom!” shiori ostida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovning asosiy maqsadi universitet xodimlari va talabalarining imlo savodxonligi bo‘yicha orttirgan ko‘nikmalarini tekshirish, egallagan bilimlarini sinovdan o‘tkazish hamda ularning yozma savodxonligini yanada mustahkamlashdan iborat.
Tanlovda universitet xodimlari hamda xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetlari talabalaridan jami 100 nafar ishtirokchi qatnashdi. Diktant uchun tanlangan matn ishtirokchilarning imlo qoidalarini qanchalik puxta bilishi, tinish belgilarini o‘rinli qo‘llay olishi va yozma savodxonlik darajasini xolis baholashga xizmat qildi.
Ushbu tanlov davlat tilining nufuzini oshirish, xodim va talabalarda ona tiliga bo‘lgan mehr hamda mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
| Sana: | 14.10.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 32 |
| Ulashish: |



