
JIDU va KOICA universitetda elektron ta’lim tizimini rivojlantirmoqda
JIDU va KOICA universitetda elektron ta’lim tizimini rivojlantirmoqda

2026-yil 6-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha Boshqaruv qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda elektron ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Bosh reja (Master Plan) ko‘rib chiqildi.
2025–2029-yillarga mo‘ljallangan mazkur loyiha ta’lim jarayonini raqamli transformatsiya qilish, zamonaviy o‘qitish texnologiyalarini joriy etish hamda onlayn ta’limni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 60 ta fan bo‘yicha elektron o‘quv materiallarini ishlab chiqish, oltita o‘quv xonasini modernizatsiya qilish, elektron ta’lim uchun ixtisoslashtirilgan studiyalar tashkil etish, zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlarining O‘zbekiston hamda Koreya Respublikasida malakasini oshirish nazarda tutilgan.
Bosh rejada aralash ta’lim shaklini bosqichma-bosqich joriy etish, onlayn ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda uzoq muddatli istiqbolda kiberuniversitet (Cyber University) tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish belgilangan.
KOICA ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha JIDUni zamonaviy Smart University darajasiga olib chiqish hamda raqamli ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.




