JIDUda BMT O‘rmon forumining 21-sessiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

JIDUda BMT O‘rmon forumining 21-sessiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda BMT O‘rmon forumining 21-sessiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda BMT O‘rmon forumining 21-sessiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 7-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetida BMT O‘rmon forumi byurosining 2024–2026-yillardagi raisi, o‘rmon xo‘jaligi va davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis Ismail Belen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    “Harvarddan global sahnaga: diplomatiyada shaxsiy yo‘l” mavzusidagi tadbirda universitet vakillari va talabalar ishtirok etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi talabalarni xalqaro ekologik hamkorlikning amaliy jihatlari bilan tanishtirish, yashil diplomatiyaning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rnini yoritish hamda tajribali mutaxassisning kasbiy faoliyati orqali bo‘lajak diplomatlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitishdan iborat bo‘ldi.

    Ismail Belen o‘z ma’ruzasida Turkiyada o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi amaliy faoliyatdan davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlikka qadar bosib o‘tgan kasbiy yo‘li haqida so‘zlab berdi. U 2013-yilda Harvard universitetining Kennedi boshqaruv maktabida davlat boshqaruvi rahbarlari uchun maxsus dasturda ishtirok etgani, shuningdek, BMT O‘rmon forumi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) doirasidagi faoliyati bilan o‘rtoqlashdi.

    Ma’ruza davomida yashil diplomatiyaning muzokaralar olib borish, davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ekologik loyihalar uchun moliyaviy resurslarni jalb etish kabi yo‘nalishlari yoritildi. Ismail Belen xalqaro kelishuvlarning natijasi ularni milliy va mahalliy darajada amalga oshirishga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi. Bunda ilmiy dalillarga tayanish, ishonchli hamkorlik va natijalarni muntazam baholashning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

    Uchrashuvda Rio konvensiyalarining o‘zaro bog‘liqligi ham muhokama qilindi. Jumladan, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi (UNFCCC), Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya (CBD) va BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) doirasidagi hamkorlik tushuntirildi. O‘rmonlar, tuproq va suv resurslarini muhofaza qilish ushbu xalqaro hujjatlar maqsadlarini birgalikda amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    BMTning 2017–2030-yillarga mo‘ljallangan O‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasi va Barqaror rivojlanish maqsadlari ma’ruzaning alohida mavzusi bo‘ldi. Ushbu reja oltita global maqsad va ularga tegishli 26 ta vazifani qamrab olishi haqida ma’lumot berildi. O‘rmonlarning iqlim o‘zgarishiga moslashish, biologik xilma-xillikni saqlash, suv resurslarini muhofaza qilish hamda aholining daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni misollar orqali yoritildi.

    Mazmunli muloqot talabalarga xalqaro munosabatlar bo‘yicha bilimlarini ekologik hamkorlikning amaliy misollari bilan bog‘lash imkonini berdi. Uchrashuv Xalqaro munosabatlar fakulteti va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda kelgusida hamkorlikni rivojlantirish uchun asos yaratdi.