JIDUda Yaponiyaning oltita yetakchi universiteti vakillari ishtirokida ta’lim imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

JIDUda Yaponiyaning oltita yetakchi universiteti vakillari ishtirokida ta’lim imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Yaponiyaning oltita yetakchi universiteti vakillari ishtirokida ta’lim imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Yaponiyaning oltita yetakchi universiteti vakillari ishtirokida ta’lim imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 26-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga (JIDU) Yaponiyaning oltita yetakchi oliy ta’lim muassasasi vakillari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida ta’lim dasturlari, akademik mobillik imkoniyatlari, grant va stipendiyalar, shuningdek, Yaponiyada ta’limni davom ettirish hamda kasbiy rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi.

    Tadbirda Yaponiyaning quyidagi universitetlari vakillari ishtirok etdi:

    1. University of Tsukuba — Tsukuba universiteti;

    2. Nagoya University — Nagoya universiteti;

    3. Yokohama National University — Yokohama milliy universiteti;

    4. The Graduate University for Advanced Studies (SOKENDAI) — Ilg‘or tadqiqotlar oliy universiteti;

    5. Kobe University — Kobe universiteti;

    6. Nagaoka University of Technology — Nagaoka texnologiya universiteti.

    Taqdimotlar davomida Yaponiya oliy ta’lim muassasalari vakillari JIDU talabalarini mamlakat oliy ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari, magistratura va doktorantura dasturlariga qabul shartlari, ingliz tilida tahsil olish, xalqaro akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatlari bilan tanishtirdi.

    Xususan, Tsukuba universiteti vakillari universitetning ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari talabalari uchun mo‘ljallangan maxsus dasturlar haqida ma’lumot berdi. Davlat siyosati sohasidagi magistratura dasturi hamda ta’lim xarajatlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi The Nippon Foundation Central Asia Fellowship (NipCA) xalqaro stipendiya dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

    Nagoya universiteti vakillari bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida ingliz tilida ta’lim olish imkonini beruvchi G30 International Programs xalqaro ta’lim dasturini taqdim etdi. Shuningdek, NUPACE akademik almashinuv dasturi, stipendiyalar olish imkoniyatlari va bitiruvchilarning kelgusidagi bandlik istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

    Yokohama milliy universiteti vakillari iqtisodiyot, boshqaruv, xalqaro taraqqiyot, muhandislik va huquq sohalaridagi ta’lim dasturlari haqida so‘z yuritdi. Xorijiy talabalar uchun yaratilgan ta’lim sharoitlari, akademik qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda Yaponiya kompaniyalarida kasbiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

    Ilg‘or tadqiqotlar oliy universiteti (SOKENDAI) vakillari fundamental va fanlararo ilmiy tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan doktorantura dasturlarini taqdim etdi. Ishtirokchilar xalqaro ilmiy hamkorlik, zamonaviy tadqiqot infratuzilmasi, shuningdek, yosh olimlar uchun mo‘ljallangan grant va stipendiya dasturlari haqida ma’lumot oldi.

    Kobe universiteti vakillari talabalarni huquq, iqtisodiyot, biznes boshqaruvi va xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlardagi ingliz tilida olib boriladigan magistratura hamda doktorantura dasturlari bilan tanishtirdi. Xalqaro akademik hamkorlik, xorijiy talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish imkoniyatlari ham yoritildi.

    Tadbirning asosiy mavzularidan biri Yaponiyada ta’limni tamomlagandan so‘ng ishga joylashish va kasbiy o‘sish istiqbollari bo‘ldi. Universitetlar vakillari amaliyot o‘tash, ilmiy tadqiqot faoliyatini davom ettirish hamda xorijiy bitiruvchilarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

    Bunday tadbirlarning tashkil etilishi JIDUning xalqaro ta’lim aloqalarini kengaytirish, talabalar akademik mobilligini oshirish hamda Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Mazkur uchrashuv universitet talabalari uchun Yaponiya oliy ta’lim muassasalari vakillaridan bevosita ma’lumot olish, istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari bilan tanishish hamda kelgusidagi akademik va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.