
JIDUda “1-kurs maktabi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-psixologik uchrashuvlar tashkil etildi
JIDUda “1-kurs maktabi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-psixologik uchrashuvlar tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2026/2027-o‘quv yilida tahsil olishni boshlagan 1-bosqich talabalari uchun “1-kurs maktabi” loyihasi doirasida hafta davomida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlar, fakultetlar hamda Besh muhim tashabbus markazi hamkorligida ijtimoiy-psixologik uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarning asosiy mavzusi “Universitet muhitiga ijtimoiy-psixologik moslashuv va talabalarning psixologik farovonligini qo‘llab-quvvatlash” masalalariga qaratildi.
Uchrashuvlarda universitet psixologi N. Norova ishtirokida talabalarning yangi universitet muhitiga moslashuvi, samarali muloqot, o‘zaro hurmat va sog‘lom munosabatlarni shakllantirish, shuningdek, psixologik barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, talabalarga universitet psixologining faoliyati, psixologik xizmatning asosiy yo‘nalishlari hamda zarur hollarda individual psixologik maslahat olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Uchrashuvlar davomida hissiy holatni boshqarish, stressga bardoshlilikni rivojlantirish, shaxsiy chegaralarni anglash va konstruktiv muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Ochiq va interaktiv muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvlarda talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar hamda mavzu yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuvlar yakunida talabalarning universitet hayotiga ijtimoiy-psixologik jihatdan muvaffaqiyatli moslashuvini qo‘llab-quvvatlash, ularning psixologik farovonligini mustahkamlash hamda universitetda sog‘lom, ijobiy va o‘zaro hurmatga asoslangan ijtimoiy muhitni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuvlar talabalarning universitet hayotiga faol integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-psixologik kompetensiyalarini rivojlantirish va sog‘lom universitet muhitini shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.



