
JIDU va Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘rtasida ikki diplomli ta’lim dasturini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
JIDU va Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘rtasida ikki diplomli ta’lim dasturini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 8-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti rektori janob Xaruo Saburi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi yangi o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Tomonlar o‘quv rejalarini ishlab chiqishni yakunlash, talabalarni saralash, yapon tilini o‘qitishni samarali tashkil etish, shuningdek, ma’ruzalar va mahorat darslarini o‘tkazish uchun yaponiyalik professor-o‘qituvchilarni jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida sun’iy intellekt (Artificial Intelligence – AI), axborot texnologiyalari (Information Technology – IT) va ma’lumotlar haqidagi fan (Data Science) yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarida talabalar amaliyotini tashkil etish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar Executive Education va MBA dasturlarini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashib, ushbu yo‘nalishlarda akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv yakunida JIDU va Nagoya iqtisodiyot universiteti qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va professional kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
| Sana: | 08.07.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 62 |
| Ulashish: |



