
JIDUda “IT Zakovat” intellektual o‘yinining o‘tkazildi
JIDUda “IT Zakovat” intellektual o‘yinining o‘tkazildi

Joriy yilning 23-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalar o‘rtasida axborot texnologiyalari, mantiqiy fikrlash va zamonaviy innovatsiyalar sohasidagi bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan “IT Zakovat” intellektual o‘yini yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqaning ochilish marosimida Raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori Muzaffar Djalalov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarning IT sohasi, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsion fikrlashga bo‘lgan qiziqishini oshirish muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bunday intellektual loyihalar talabalar bilim salohiyatini rivojlantirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Musobaqada 100 dan ortiq talaba faol ishtirok etdi. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan bir qatorda mehmon sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi ham taklif etilib, musobaqada faol qatnashib, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdi.
“IT Zakovat” davomida ishtirokchilar dasturlash, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, texnologik innovatsiyalar, internet madaniyati hamda mantiqiy savollar bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Jamoalar yuqori bilim saviyasi, tezkor fikrlash qobiliyati va jamoaviy hamjihatlikni namoyish etdilar. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “Intellect” jamoasi faxrli 1-o‘rinni, “CTRL C CTRL V” jamoasi 2-o‘rinni, “Everest” jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
Tadbir qiziqarli va interaktiv ruhda tashkil etilib, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi. Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.




