
JIDU vakillari mahalla faollari va yoshlar bilan uchrashdi
JIDU vakillari mahalla faollari va yoshlar bilan uchrashdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Azamat” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdilar. Tashrif doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlar siyosati hamda ta’lim sohasidagi yangilanishlarga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalla faollari va jamoatchilik vakillarini JIDUning ta’lim, ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida universitetda joriy etilayotgan zamonaviy ta’lim dasturlari, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi ta’limiy hamda ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida universitet va mahalla o‘rtasida yoshlarni kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish, ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy kasb va mutaxassisliklarga yo‘naltirish, shuningdek, mahalla va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.




