
JIDUda Kembrij universiteti professorining ikki kunlik mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Kembrij universiteti professorining ikki kunlik mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 16–17-mart kunlari JIDU “Xalqaro munosabatlar” fakultetida Kembrij universiteti tadqiqotchi professori Dominik Lieven ishtirokida ikki kunlik mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar “Siyosatshunoslik” kafedrasi tomonidan “Siyosiy menejment” va “Davlat fuqarolik xizmatiga kirish” fanlari doirasida tashkil etildi.
“Xalqaro munosabatlar” va “Siyosatshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun o‘tkazilgan ushbu ma’ruzalarda professor Rossiya imperiyasining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, uning siyosiy tizimi, tashqi siyosati hamda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi xalqaro munosabatlardagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, ko‘p millatli davlatni boshqarish, markaz va hududlar o‘rtasidagi munosabatlar hamda tarixiy jarayonlarning zamonaviy siyosiy tizimlarga ta’siri masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Professor Britaniya va Rossiya imperiyalari o‘rtasidagi munosabatlar, ularning xalqaro tizimga ta’siri hamda XX asrda Rossiyaning global maydondagi roli haqida ham fikr yuritdi. Bundan tashqari, u o‘z ilmiy tadqiqotlari natijalari va tarixiy tahlil metodlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Talabalar mahorat darslarida faol ishtirok etib, zamonaviy xalqaro siyosat, diplomatiya va global jarayonlarga oid dolzarb masalalar yuzasidan savollar berib, fikr almashdilar.




