
JIDUda “Sokinlik kuni” inklyuziv muloqot tashabbusi o‘tkazildi
JIDUda “Sokinlik kuni” inklyuziv muloqot tashabbusi o‘tkazildi

2026-yil 15-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “The Day of Silence” — “Sokinlik kuni” nomli inklyuziv muloqot tashabbusi tashkil etildi.
Mazkur tadbir universitet talabalari o‘rtasida inklyuziv muloqot madaniyatini rivojlantirish, imkoniyati cheklangan insonlar bilan o‘zaro tushunish, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi. Shuningdek, loyiha doirasida talaba-yoshlarga kundalik hayotda qo‘llaniladigan asosiy imo-ishora tili elementlarini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashabbus JIDU Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchilari hamda “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakultetining 1-kurs talabalari tomonidan tashkil etildi. Tadbirda universitet talabalari faol ishtirok etib, muloqotning so‘zlardan tashqari shakllari, xususan, imo-ishora tili orqali insonlar o‘rtasida mehr va tushunish ko‘prigini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirga tayyorgarlik jarayonida talabalar maxsus Telegram-kanal va video darsliklar orqali kundalik hayotda eng ko‘p qo‘llaniladigan 10 ta asosiy imo-ishora harakatlarini o‘rgandilar. Tadbir davomida ishtirokchilar ushbu imo-ishoralarni tashkilotchilar hamda tengdoshlari oldida namoyish etdilar.
Loyiha doirasida jamiyatda inklyuziv muloqotni rivojlantirish, imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, talaba-yoshlar orasida ijtimoiy faollik, hamdardlik va bag‘rikenglik madaniyatini oshirish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida 10 ta imo-ishora harakatini muvaffaqiyatli bajargan talabalar “Inclusion Ambassador” — “Inklyuzivlik elchisi” sertifikatlari bilan taqdirlandilar.
Mazkur tashabbus BMTning 10-Barqaror rivojlanish maqsadi – «Tengsizlikni kamaytirish», xususan, ijtimoiy inklyuziya va barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan 10.2-vazifa bilan bog‘liq. Imo-ishora tilining asosiy elementlarini o‘rganish va inklyuziv muloqot bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar talabalarning muloqotdagi to‘siqlar haqidagi xabardorligini oshirish, o‘zaro hurmat va tushunishni mustahkamlashga xizmat qildi.
“Sokinlik kuni” tashabbusi talabalar uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki jamiyatda tenglik, hurmat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillarini chuqur anglashga xizmat qilgan mazmunli maydon bo‘ldi.




