
JIDUda pazandachilik musobaqasi tashkil etildi
JIDUda pazandachilik musobaqasi tashkil etildi

Joriy yilning 16-may kuni JIDU “Pazandachilik klubi” kordinatori I. Narqulova tashabbusi bilan talabalar o‘rtasida milliy va zamonaviy taomlarni targ‘ib qilish maqsadida pazandachilik musobaqasi tashkil etildi. Mazkur tadbir talabalarda pazandachilik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoaviy hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Musobaqada universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarining pazandachilik mahoratini namoyon etdilar. Ishtirokchilar milliy taomlar, shirinliklar va zamonaviy yeguliklar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Har bir jamoa tayyorlangan taomlarning mazasi, bezatilishi, gigiyenik talablarga rioya etilishi hamda taqdimot usuli asosida baholandi.
Tadbir davomida o‘zbek milliy taomlari, turli salatlar va shirinliklar tayyorlanib, mehmonlar hamda hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etildi. Ayniqsa, talabalar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar barchada katta taassurot qoldirdi. Musobaqa jarayonida ishtirokchilar nafaqat o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdilar, balki yangi tajriba va bilimlarga ham ega bo‘ldilar.
Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligining Oila va xotin-qizlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i hamda universitet professor-o‘qituvchilari mehmon sifatida ishtirok etdilar.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, eng yaxshi taom tayyorlagan jamoalar g‘olib deb topilib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, talabalar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Mazkur pazandachilik musobaqasi talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish hamda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.



