JIDU talabalari sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

JIDU talabalari sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

    JIDU talabalari sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

    JIDU talabalari sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

    Joriy yilning 19-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetining 1-bosqich talabalari uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Tashrif “Siyosatshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkillashtirildi.  Mazkur tashrif talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, sud-huquq tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida uyushtirildi.

    Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar sud faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud jarayonlarini tashkil etish tartibi, sudyalarning vakolatlari hamda sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, sud binosidagi ish yuritish jarayonlari, murojaatlar bilan ishlash tizimi hamda zamonaviy axborot texnologiyalarining sud faoliyatiga joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.

    Tashrif doirasida tuman sudyalari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Muloqot davomida yoshlarga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlashda yosh mutaxassislarning o‘rni hamda xalqaro munosabatlar va huquq sohalarining o‘zaro bog‘liqligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

    Mazkur amaliy mashg‘ulot talabalarda sud-huquq tizimi faoliyatiga nisbatan yanada kengroq tasavvur hosil qilish, kelgusidagi kasbiy faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.