
JIDUda Markaziy va Janubiy Osiyo Regbi Alyansini tashkil etish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Markaziy va Janubiy Osiyo Regbi Alyansini tashkil etish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 15-aprel kuni Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy va Janubiy Osiyo Regbi Alyansini (CASA) tashkil etish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Bangladesh, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka va O‘zbekiston regbi ittifoqlari vakillari ishtirok etdi. Mazkur hujjatning imzolanishi Markaziy va Janubiy Osiyoda regbini rivojlantirish borasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
CASA regbini rivojlantirish, mintaqaviy musobaqalarni tashkil etish, institutsional hamkorlikni kengaytirish hamda a’zo ittifoqlar o‘rtasida sport almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan nodavlat va hamkorlikka asoslangan mintaqaviy alyans sifatida tashkil etildi. Shu bilan birga, alyans Asia Rugby va World Rugby tashkilotlarining vakolatlari hamda me’yoriy asoslarini to‘liq hurmat qiladi.
Imzolangan Memorandumga muvofiq, CASA a’zo ittifoqlar o‘rtasida sheriklik va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ixtiyoriy muvofiqlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yuritadi. Alyans faoliyati tenglik, konsensus, halollik va xalqaro regbi standartlariga muvofiqlik tamoyillari asosida olib boriladi.
Ittifoq a’zolari mintaqaviy turnirlar va rivojlantirish dasturlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishga ham kelishib oldilar. Jumladan, 2026-yil 16–17-may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “CASA 7s Championship” turniri ham ushbu hamkorlikning amaliy namunasi hisoblanadi. Musobaqada erkaklar o‘rtasida Hindiston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka va O‘zbekiston terma jamoalari, ayollar o‘rtasida esa Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirok etadi. Mazkur turnir Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sport aloqalari va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur Memorandumning imzolanishi ishtirokchi davlatlarning sport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy birdamlikni rivojlantirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoda regbini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan umumiy intilishini ifodalaydi.




