
«Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanishning yangi paradigmasi» nomli xalqaro anjuman bo‘ lib o‘tdi
«Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanishning yangi paradigmasi» nomli xalqaro anjuman bo‘ lib o‘tdi

2026-yil 14-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) «Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanishning yangi paradigmasi» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi tomonidan tashkil etildi.
Anjuman ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatik akademiyalari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Ashxoboddagi mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbarlari, Finlandiya xalqaro munosabatlar instituti (FIIA), diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, bir qator yetakchi milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, MOPDMM rahbari Kaxa Imnadze onlayn tarzda murojaat qilib, o‘z tabrigini yo‘lladi.
Anjuman doirasida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Cham va boshqalar so‘zga chiqdi.
Muzokaralar chog‘ida ishtirokchilar mintaqa o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichini boshdan kechirayotganini, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va jamoaviy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan hamkorlik modelini bosqichma-bosqich shakllantirayotganini ta’kidladilar. Xalqaro munosabatlarda Markaziy Osiyoning mintaqaviy subyektligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqa davlatlari nafaqat xalqaro jarayonlar ishtirokchisi, balki mintaqaviy kun tartibining mustaqil tashabbuskori sifatida ham tobora dadil qadam tashlayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari siyosiy ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni muvofiqlashtirishning muhim mexanizmi ekanligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar so‘nggi yillarda siyosiy muloqotning faollashuvi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob qaytarish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilganini qayd etdilar.
Xavfsizlikning zamonaviy tushunchasi iqlim bilan bog‘liq xatarlar, energetika barqarorligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, kiberxavfsizlik va gumanitar barqarorlik masalalarini o‘z ichiga olishi ta’kidlandi.
Transport o‘zaro bog‘liqligi, infratuzilmani rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlik hamda Markaziy Osiyoning Yevroosiyo o‘zaro bog‘liqligidagi muhim makon sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladigan barqaror logistika yo‘nalishlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar gumanitar hamkorlik, ilmiy-ma’rifiy almashinuvlar va akademik mobillikni rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan JIDU va Diplomatik akademiyaning mintaqaviy akademik muloqotni rivojlantirishga, xalqaro munosabatlar sohasida malakali kadrlar va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga hamda zamonaviy Markaziy Osiyo hamkorligining intellektual poydevorini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan yetakchi ta’lim va ekspert-tahlil platformalari sifatidagi o‘rni alohida qayd etildi.
Anjuman yakunida bo‘lib o‘tgan fikr almashinuvlar, ekspert baholari va ishlab chiqilgan tavsiyalar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoni barqarorlik, izchil taraqqiyot va konstruktiv xalqaro hamkorlik makoni sifatida ilgari surishga muhim hissa bo‘lib qo‘shishi haqida yakdil fikr bildirildi.




