
JIDU vakillari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun sayyor tadbir tashkil etildi
JIDU vakillari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun sayyor tadbir tashkil etildi

2026-yil 1-may kuni Sharq tillari kafedrasi katta o‘qituvchisi J. Abdupattaхov tashabbusi bilan Toshkent shahridagi 186-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida sayyor ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, 4-maqsad - sifatli ta’limni ta’minlash va barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda 10-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, zamonaviy ta’lim, kasb tanlash hamda kelajakdagi ta’lim istiqbollari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Uchrashuvning asosiy маqsadi yoshlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, mavjud akademik imkoniyatlar hamda sifatli ta’limning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat siyosati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, davlat grantlari va talabalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida ham tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mavjud ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv jarayoni, xalqaro hamkorlik loyihalari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi. O‘quvchilarga universitet fakultetlari, xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari, ilmiy faoliyat va bitiruvchilarning kelajakdagi kasbiy istiqbollari haqida ma’lumot taqdim etildi.
Mazkur tadbir o‘quvchilarning ta’lim tizimi haqidagi bilimlarini kengaytirish, sifatli ta’limning ahamiyatini chuqurroq anglash va mavjud ta’lim imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga xizmat qildi.
| Sana: | 01.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 40 |
| Ulashish: |




