
JIDUda “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talaba-yoshlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahallalardagi ishtirokini kengaytirish hamda mahallabay ishlash tizimining yangi imkoniyatlarini tushuntirishga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar” mavzusidagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev hamda Uyushmaning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi boshlig‘i Ilhom Alimov ishtirok etib, talabalar bilan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida mahallalarda joriy etilgan yangicha “yettilik” tizimining mazmun-mohiyati hamda uning yoshlar bilan ishlashdagi ahamiyati batafsil tushuntirildi. Ta’kidlanganidek, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq inspektori va ijtimoiy xodimdan iborat mazkur tizim aholining, ayniqsa yoshlarning muammolarini manzilli hal etishga xizmat qilmoqda.
Muloqot jarayonida talabalarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, yoshlar tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
JIDU talabalari xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot va raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarini mahalla boshqaruvi faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Xususan, mahallalarda raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirish, ijtimoiy loyihalarda volontyor sifatida ishtirok etish hamda yoshlar uchun intellektual to‘garaklar tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.
Tadbir yakunida ochiq muloqot davomida bildirilgan takliflar asosida universitet va Mahallalar uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
| Sana: | 07.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 49 |
| Ulashish: |




