
JIDU rektori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Kanadaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi
JIDU rektori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Kanadaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi

2025 yil 25–27-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Kanadaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif mobaynida O‘zbekiston delegatsiyasining samarali uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, delegatsiya Kanada Senati Spikeri Raymonda Gane bilan uchrashib, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, senatorlar S.Ataullaxjan va M.Ravalia bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlament diplomatiyasi, inson huquqlari, gender tenglik, migratsiya va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, delegatsiya Kanada parlamenti Jamoalar palatasi Spikeri F.Skarpaledja bilan ham uchrashib, O‘zbekiston hamda Kanada o‘rtasida parlamentlarning quyi palatalari darajasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik sohasida tajriba almashish va qo‘shma ekspertlar muloqotini tashkil etish borasida fikr almashildi.
Kanada parlamentida tashkil etilgan “O‘zbekiston kuni” tadbiri ishtirokchilarning katta qiziqishi bilan o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsion muhitdagi o‘zgarishlar, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati, yashil energetika va innovatsiyalar yo‘nalishidagi yangi tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Kanada parlamenti a’zolari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.
27-noyabr kuni delegatsiya Toronto shahrida faoliyat olib borayotgan bir qator tashkilotlarda uchrashuvlar o‘tkazdi. Ontario universitetlar kengashi prezidenti S.Orsini bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Kanada tomonidan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
“Vector Institute” rahbariyati bilan uchrashuvda sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, kiberxavfsizlik, IT ta’limi va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilish, o‘zbekistonlik yoshlarni zamonaviy texnologiyalar sohasiga jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, delegatsiya Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, yoshlar va talabalar bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalarini tingladi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlik siyosati, vatandoshlar bilan ishlash jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi hamda ular tomonidan bildirilgan takliflarni muhokama qildi.
| Sana: | 28.11.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 94 |
| Ulashish: |



