
JIDU talabalari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuaga tashrif buyurdilar
JIDU talabalari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuaga tashrif buyurdilar

Joriy yilning 3-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakultetining 1-bosqich talabalari “Konstitutsion huquq” fanini o‘rganish doirasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuaga tashrif buyurdilar.
Tadbir “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Azizova Nigina Muratovna tomonidan talabalarining O‘zbekiston Respublikasi davlatchiligining shakllanishi, konstitutsion asoslarning rivojlanishi hamda shaxsning davlat tarixidagi o‘rni haqidagi bilimlarini chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida talabalar majmua ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Unda rasmlar, portretlar, arxiv fotosuratlar hamda haykaltaroshlar asarlari namoyish etilgan bo‘lib, ular Islom Karimovning hayot yo‘li va davlat faoliyatini aks ettiradi. Kelajakdagi xalqaro huquqshunoslar va diplomatlarda, ayniqsa, Birinchi Prezidentning xorijiy davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari aks etgan fotomateriallar hamda xalqaro tashkilotlar minbarlaridagi nutqlari katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekspozitsiya talabalarida chuqur taassurot qoldirib, ularga amalga oshirilgan islohotlarning tarixiy ahamiyatini hamda Islom Karimovning mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yanada chuqur anglash imkonini berdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha majmua to‘liq faoliyat yurita boshlagandan so‘ng ekspozitsiya bilan yanada batafsil tanishish maqsadida uni qaytadan ziyorat qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.




