Xalqaro huquq fakulteti talabalari yangi cho‘qqilar sari

Xalqaro huquq fakulteti talabalari yangi cho‘qqilar sari

    Xalqaro huquq fakulteti talabalari yangi cho‘qqilar sari

    Xalqaro huquq fakulteti talabalari yangi cho‘qqilar sari

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari yana bir bor bilim, intilish va mehnat uyg‘unlashganda qanday natijalar yuzaga kelishini amalda namoyon etishdi. Bu safar yutuqlar doirasi keng — diplomatiyadan tortib ilm-fan, xalqaro tanlovlar va sport maydonlarigacha. Bugun fakultetimiz yutuqlari faqat auditoriya bilan cheklanib qolmayapti — ular xalqaro diplomatiya maydonlarida, ilmiy tadqiqotlarda, nufuzli tanlovlarda va hatto sport arenalarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

    Jumladan, 3-bosqich talabasi Mirjahon Fayzullayev BMTning nufuzli Preventive Diplomacy Academy – PDA 2026 dasturiga yuzlab nomzodlar orasidan muvaffaqiyatli saralandi. Bu natija uning nafaqat bilim darajasi, balki global fikrlash va diplomatik salohiyatga ega ekanligini ham tasdiqlaydi.

     1-bosqich talabamiz Asila Abduraxmatova “Anhor.bek” ekologik loyihasi bilan “Mirzo Ulug‘bek vorislari–2026” tanlovining keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Ushbu tashabbus yoshlarning ekologik masalalarga befarq emasligini va innovatsion yondashuvga ega ekanini ko‘rsatadi. 2-bosqich talabasi Marjona Abdugafurova “Yil talabasi–2026” xalqaro tanlovida 1-o‘rinni egallab, ilmiy tahlil va dolzarb ijtimoiy masalalarga chuqur yondasha olish qobiliyatini namoyon etdi. 3-bosqich talabasi Komronbek Alisherov xalqaro TOEFL iBT imtihonida 100 ball natija qayd etib, ingliz tilini yuqori akademik darajada egallaganini isbotladi. Bu esa uning kelajakdagi xalqaro faoliyati uchun muhim poydevor hisoblanadi. Xalqaro savdo huquqi yo‘nalishida esa 3-bosqich talabalari Muqaddam Chorikulova va Shaxnozaxon Raximova Tashkent International Model WTO 2026 doirasida o‘tkazilgan sud jarayonida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ularning ushbu natijasi kuchli huquqiy tafakkur, puxta tayyorgarlik va ishonchli nutq madaniyatining yorqin ifodasidir.  

    Sport yo‘nalishida ham yuqori natijalar qayd etildi — 1-bosqich talabasi Orifjon Ro‘zimboyev “Talabalar ligasi–2026” musobaqasida 400 metrga yugurish bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi. 3-bosqich talabasi Shoxruz Baxtiyorov esa italyan tili bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z bilimlarini xalqaro darajada namoyon etdi.  Ushbu yutuqlar — shunchaki natija emas. Bu — izchil mehnat, qat’iyat va o‘z ustida ishlash madaniyatining amaliy ifodasidir.

    Har bir muvaffaqiyat ortida esa katta intilish va aniq maqsad mujassam. Fakultetimiz talabalari — bugunning faxri, ertangi kunning esa xalqaro maydonda mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qiladigan, yuksak salohiyatli va raqobatbardosh mutaxassislari sifatida ishonch bilan e’tirof etiladi.