
JIDU rektori Buyuk Britaniya Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
JIDU rektori Buyuk Britaniya Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 24-aprel kuni Senat Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, taʼlim va ilm-fan sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” muloqoti kabi formatlar muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni yaqinlashtirishda samarali platforma bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitish hamda parlamentlararo muloqotni izchil davom ettirishga tayyorlik bildirildi.



