
Salento universiteti talabalari bilan til amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi
Salento universiteti talabalari bilan til amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi

2026-yil 2-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Italiyadagi Salento universiteti bilan imzolangan talabalar almashinuvi shartnomasi doirasida bo‘lib o‘tgan til amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi.
Dastur talabalarning til ko‘nikmalarini yuqori bosqichga olib chiqish, yozma va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan intensiv kursdan iborat bo‘lib, 4 nafar italiyalik talaba joriy yilning 2-martidan 1-apreliga qadar katta qiziqish bilan nafaqat rus tilini, balki o‘zbek madaniyati, urf-odatlari va san’atiga doir ma’lumotlarni ham o‘rgandilar.
Ushbu almashinuv dasturi talabalarning til bilimlarini amaliy darajada mustahkamlashga, shuningdek, turli madaniyatlar bilan tanishish va xalqaro tajriba orttirishga imkon yaratadi. Shuningdek, dastur universitetlar o‘rtasidagi barqaror va uzoq muddatli akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
JIDUda bo‘lib o‘tgan sertifikatlar topshirish marosimida almashinuvning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ushbu dastur orqali nafaqat talabalarning rus tili ko‘nikmalari oshirildi, balki O‘zbekiston va Italiya universitetlari o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalar mustahkamlandi, hamkorlikning kelajakdagi istiqbollari kengaytirildi.
| Sana: | 03.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 56 |
| Ulashish: |




