
Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy xalqaro tizimdagi geosiyosiy o‘rni muhokama qilindi
Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy xalqaro tizimdagi geosiyosiy o‘rni muhokama qilindi

Joriy yilning 18-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakultetida 1-bosqich talabalari ishtirokida “Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy xalqaro tizimdagi geosiyosiy o‘rni” mavzusida debat tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir ta’lim jarayonining ajralmas qismi sifatida talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularning global siyosiy jarayonlar mohiyatini chuqur anglashiga ko‘maklashish, shuningdek, mustaqil va tanqidiy fikrlash, mantiqiy tahlil qilish hamda asosli xulosalar chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Debat jarayonida ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasining zamonaviy xalqaro tizimdagi geosiyosiy o‘rni va ahamiyati, yirik davlatlar manfaatlari kesishgan hudud sifatidagi o‘ziga xos jihatlari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari, iqtisodiy hamkorlik istiqbollari hamda mintaqaviy identitetni shakllantirish omillari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Talabalar tomonidan ilgari surilgan yondashuvlar turli nazariy konsepsiyalar va amaliy misollar asosida asoslab berildi. Bahs-munozaralar davomida talabalarning mavzuga nisbatan puxta tayyorgarligi, dolzarb masalalarga tanqidiy yondashuvi hamda o‘z pozitsiyalarini mantiqiy asosda himoya qila olish qobiliyati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Debat doirasida mintaqada kechayotgan integratsion jarayonlar, davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarning ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Mazkur debat talabalarning nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash, ularning nutq madaniyatini oshirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelgusida yetuk mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar sertifikat bilan taqdirlandilar.
| Sana: | 19.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 423 |
| Ulashish: |




