
JIDU talabalari va Italiya parlamenti delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDU talabalari va Italiya parlamenti delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining Italiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi a’zosi, “Italiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Fabritsio Benzoni boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Italiya tomoni vakillari ikki tomonlama hamkorlikning barqaror ijobiy sur’atini, xususan, sayyohlik almashinuvlari o‘sayotganini qayd etdilar. Har yili 2000 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Italiyaga tashrif buyurishi mamlakatga bo‘lgan qiziqish ortib, gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda italyan tilini o‘rganish va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Italiya delegatsiyasi JIDU talabalarining tayyorgarlik darajasini ijobiy baholadi: jonli muloqot chog‘ida talabalar mehmonlar bilan erkin suhbatlashib, italyan tilini puxta bilishlarini namoyish etdilar va bu Italiya tomonining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Munozara doirasida, shuningdek, Italiyaning tashqi siyosati, jumladan, uning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvlari va ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘z yuritildi. Delegatsiya vakillari Italiya mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan iqtisodiyot, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlarning davlatlararo va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan yuksak darajada manfaatdor ekanini, shuningdek, kadrlar salohiyatini shakllantirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashda bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta ekanini qayd etish mumkin.




