
“Savdoni yengillashtirish va bojxona tartib-taomillarini takomillashtirishning zamonaviy mexanizmlari: nazariya va amaliyot” mavzusida sayyor dars
“Savdoni yengillashtirish va bojxona tartib-taomillarini takomillashtirishning zamonaviy mexanizmlari: nazariya va amaliyot” mavzusida sayyor dars

Joriy yilning 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasida JIDU “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedra tashabbusi bilan “Jahon iqtisodiyoti” magistratura talabalari uchun “Savdoni yengillashtirish va bojxona masalalari (Trade Facilitation and Customs Issues)” mavzusida sayyor dars tashkil etildi.
Mazkur tadbirda sohaviy mutaxassislar — O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi tizimida faoliyat yurituvchi mutaxassislar hamda bojxona sohasida amaliy tajribaga ega xodimlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan xalqaro savdoni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari, savdoni yengillashtirishning huquqiy asoslari, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, logistika jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek Jahon savdo tashkiloti doirasida qabul qilingan Trade Facilitation Agreement (TFA) ning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, talabalarga tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan qulayliklar, raqamli bojxona tizimlari, risklarni boshqarish mexanizmlari hamda zamonaviy bojxona nazorati usullari bo‘yicha amaliy tushunchalar taqdim etildi.
Tadbir doirasida talabalar xalqaro savdo jarayonlarida bojxona tartib-taomillarini to‘g‘ri qo‘llash, tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirishda huquqiy va institusional mexanizmlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Mahorat darsi interaktiv savol-javob shaklida tashkil etildi, bu esa talabalarning faol ishtirokini ta’minladi. Shuningdek, talabalarning xalqaro iqtisodiy munosabatlar va bojxona huquqi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularda savdo jarayonlarini huquqiy tartibga solish bo‘yicha amaliy kompetensiyalarni shakllantirish hamda ularni kelajakda professional faoliyatga tayyorlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, avvalo, sifatli ta’limni ta’minlash (BRM 4) orqali talabalarda zamonaviy bilim va amaliy kompetensiyalarni shakllantirishga, sanoat, innovatsiyalar va infratuzilmani rivojlantirish (BRM 9) doirasida raqamli bojxona tizimlarini takomillashtirishga, shuningdek, tinchlik, adolat va samarali institutlarni ta’minlash (BRM 16) orqali shaffof va samarali bojxona boshqaruvini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Natijada, mazkur tadbir xalqaro savdoni soddalashtirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.




