
“Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi kurash usullari” mavzusida mahorat darsi
“Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi kurash usullari” mavzusida mahorat darsi

Joriy yilning 1-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O. Yusupdjanov tashabbusi bilan “Xalqaro huquq” fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi kurash usullari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda sohaviy mutaxassislar — Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarning oldini olish bo‘limi boshlig‘i, katta leytenant J. Narzullayev hamda “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi D. Soliyev ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan global muammoga aylanib borayotgan kiberjinoyatchilikning turlari, uning zamonaviy ko‘rinishlari, shuningdek internet makonidagi ma’naviy tahdidlar va ularning yoshlar ongiga salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, talabalarga kiberxavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardan oqilona va xavfsiz foydalanish hamda kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbir doirasida talabalar virtual makonda o‘z moliyaviy mablag‘larini himoya qilish, shaxsiy akkauntlariga nisbatan kiberhujumlar sodir etilganda to‘g‘ri harakat qilish algoritmlari yuzasidan amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Mahorat darsi interaktiv savol-javob shaklida tashkil etildi, bu esa talabalar faolligini oshirdi.
Mazkur tadbir yoshlarning axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularda kiberxavfsizlik bo‘yicha huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish hamda ularni kelajakda huquqiy davlat qurish jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyorlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, avvalo, sifatli ta’limni ta’minlash (BRM 4) orqali talabalarda zamonaviy bilim va amaliy kompetensiyalarni shakllantirishga, innovatsiyalar va raqamli infratuzilmani rivojlantirish (BRM 9) orqali axborot xavfsizligini mustahkamlashga, shuningdek, tinchlik, adolat va samarali institutlarni ta’minlash (BRM 16) doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy ongni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Natijada, mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida raqamli xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, jamiyatda huquq ustuvorligini ta’minlash hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.




