
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida JIDU talabalari uchun ma’ruza tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida JIDU talabalari uchun ma’ruza tashkil etildi

2026-yil 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi binosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida Konstitutsiyaviy sud” mavzusida ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomovning taklifiga binoan “Konstitutsiyaviy huquq” fani doirasida “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etildi. Tadbirni PhD, kafedra mudiri Kodirova Nargiza, PhD, dotsent Isroilova Zarina, PhD, dotsent Xamdamova Shirin, shuningdek o‘qituvchilar Azizova Nigina, Xallakova Aziza va Murodova Durdona olib bordilar.
Tadbirda “Xalqaro huquq” fakultetining 1-bosqich talabalari hamda kafedra professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar.
Ma’ruzani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, yoshlarga xizmat ko‘rsatgan murabbiy, yuridik fanlar nomzodi M.E. Abdusalomov ochib berdi. U o‘z nutqida bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy tafakkuri, konstitutsiyaviy madaniyati va kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri, mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ulardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-253-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazmunli ma’ruzalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi A. Rahmanov “Inson huquqlarining ustuvorligi va Konstitutsiyaviy sud vakolatlarining kengaytirilishi – zamon talabi” mavzusida, shuningdek konstitutsiyaviy qonunchilikni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Sh. Ruzinazarov “Konstitutsiyaviy adolat va qonuniylikni ta’minlash – ijtimoiy davlat rivojining asosi” mavzusida chiqish qildilar.
Talabalarga Konstitutsiyaviy sud faoliyati, uning vakolatlari, ishlarni ko‘rib chiqish tartibi, fuqarolarning murojaat qilish huquqi, shuningdek Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida talabalar sud faoliyatiga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt elementlarini joriy etish, xalqaro hamkorlik hamda konstitutsiyaviy nazoratning amaliy mexanizmlariga oid qator dolzarb savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan atroflicha javoblar talabalarning mavzu bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamladi.
Mazkur tadbir nazariy ta’lim bilan huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga, talabalarda kelajak kasbiy faoliyatiga nisbatan chuqurroq tasavvur shakllanishiga xizmat qildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huquq sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim shakllarini faol rivojlantirishda davom etmoqda.




