
“Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot keng muhokamalar ruhida o‘tkazildi
“Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot keng muhokamalar ruhida o‘tkazildi

2026-yil 1-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Batareykalar.uz loyihasi hamkorligida o‘tkazilib, unda talaba-yoshlar, ekspertlar, jamoatchilik faollari va ekologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupdjanovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida global ekologik muammolar tobora kuchayib borayotgan bir paytda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda mas’uliyat hissini shakllantirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ekologik diplomatiya bugungi kunda davlatlararo hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanganini qayd etdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Bahriddin Turdiyevich Xofizov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ekologik siyosatni rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U yoshlarning ekologik loyihalarda ishtirokini kengaytirish muhimligini alohida urg‘uladi.
Tadbir davomida bir qator muhim va dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Mohinur Ergash o‘z chiqishida “Ekologik madaniyat va mediadagi mas’uliyat: jamiyatda ekologik ongni shakllantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusini yoritdi. U zamonaviy axborot makonida ekologik masalalarni to‘g‘ri yoritish, feyk xabarlarning oldini olish hamda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi orqali ekologik madaniyatni targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ekologik jurnalistika va kontent yaratishda mas’uliyat masalasi keng muhokama qilindi.
Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasi raisi Lobarxon Jalolova “Global ekologik maydonda yoshlar ovozi: Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasining roli va strategik maqsadlari” mavzusida ma’ruza qilib, xalqaro maydonda yoshlarning ishtiroki tobora ortib borayotganini qayd etdi. U qo‘mita faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda kelgusidagi strategik rejalar haqida batafsil to‘xtaldi. Ayniqsa, transchegaraviy ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning o‘rni alohida e’tirof etildi.
Feruzbek Sayfullayev o‘z ma’ruzasida “Kichik batareyka – katta xavf: atrof-muhitni ‘ko‘rinmas’ zaharlanishdan asrash” mavzusini yoritib berdi. U maishiy chiqindilar, xususan ishlatilgan batareykalarning tuproq va suv resurslariga salbiy ta’siri haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar keltirdi. Batareykalarni to‘g‘ri utilizatsiya qilish, ularni alohida yig‘ish tizimini rivojlantirish hamda aholining bu boradagi xabardorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Batareykalar.uz loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida talabalar va mutaxassislar o‘rtasida savol-javoblar tashkil etildi. Ishtirokchilar ekologik muammolarni hal etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik harakatlarini rivojlantirish hamda innovatsion “yashil” loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, universitet miqyosida chiqindilarni saralash tizimini joriy etish, ekologik aksiyalarni kengaytirish va media loyihalar orqali ekologik targ‘ibotni kuchaytirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur tadbir ekologik diplomatiya, barqaror rivojlanish va yoshlar tashabbuslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor namoyon etdi. Ochiq muloqot yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish, ularni global va mahalliy ekologik muammolar yechimiga faol jalb etish, shuningdek, turli tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ishtirokida xotira surati olindi va kelgusida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.




