
JIDU Sharq tillari kafedrasida Al-Azhar universiteti mutaxassisining mahorat darsi
JIDU Sharq tillari kafedrasida Al-Azhar universiteti mutaxassisining mahorat darsi

2026-yil 26-mart kuni JIDU Sharq tillari kafedrasida “Arab tilida og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning maxsus mehmoni sifatida Al-Azhar universiteti (Misr) huzuridagi Shayx Zayd nomidagi arab tilini o‘qitish markazi o‘qituvchisi, falsafa doktori (PhD) Said Ahmad al-Habashiy ishtirok etdi.
Zoom platformasida masofaviy shaklda tashkil etilgan mashg‘ulotda ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mahorat darsi dasturi so‘zlashuv nutqini rivojlantirishning samarali usullaridan tortib, asl talaffuzni shakllantirishning nozik jihatlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli amaliy masalalarni qamrab oldi. Talabalarda turli muloqot vaziyatlarida arab tilida erkin va ishonchli so‘zlasha olish ko‘nikmalarini hosil qilishga urg‘u berildi.
Mashg‘ulotning muhim jihatlaridan biri savol-javoblar qismi bo‘lib, unda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniga ega bo‘ldilar. Taklif etilgan professorning mazmunli javoblari ishtirokchilar uchun muhim amaliy qo‘llanma va fanni chuqur o‘rganishga kuchli rag‘bat bo‘ldi.



