
JIDU talabalari JST huquqiga bag‘ishlangan John H. Jackson Moot Court Competition xalqaro musobaqasida ishtirok etdi
JIDU talabalari JST huquqiga bag‘ishlangan John H. Jackson Moot Court Competition xalqaro musobaqasida ishtirok etdi

Joriy yilning 17-21 mart kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari Sarvinoz Abdunazarova, Kumush Xaitkuliyeva, Mehriniso Jumanazarova va Sarbinaz Bekimbetova tarkibidagi jamoasi Jahon savdo tashkiloti (JST) huquqiga bag‘ishlangan John H. Jackson Moot Court Competition xalqaro musobaqasining G‘arbiy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bosqichida ishtirok etdi.
Jamoaning murabbiylari “Xalqaro ommaviy huquq” kafedrasi o‘qituvchilari Umid Yakubxo‘jayev va Diyora Shukurova bo‘ldi. Hindistonda bo‘lib o‘tgan musobaqada Hindiston hamda Shri-Lankaning yetakchi universitetlaridan 19 jamoa qatnashdi.
Keskin raqobat sharoitida JIDU jamoasi JST huquqi bo‘yicha chuqur bilimini, tahliliy qobiliyatlarini hamda notiqlik mahoratini namoyish etib, og‘zaki bosqichlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi hamda puxta ishlangan yozma memorandumlarni taqdim qildi. Ishtirokchilar murakkab huquqiy masalalarni chuqur anglash, tahlil qilish va asosli dalillar keltirish ko‘nikmalarini, shuningdek, professional muhitda ingliz tilini ishonch bilan qo‘llash qobiliyatini namoyon etdilar.
Ma’lumot uchun. John H. Jackson Moot Court Competition — bu JST nizolarni hal qilish tizimi doirasida savdo nizolarini modellashtirishga bag‘ishlangan, huquqshunoslik yo‘nalishidagi talabalarning har yili o‘tkaziladigan nufuzli musobaqasidir. Ushbu musobaqada dunyo bo'ylab 100dan oshiq jamoa qatnashadi. Musobaqa Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan hamkorlikda tashkil etilib, xalqaro savdo huquqiga bag‘ishlangan. Tanlovning asosiy maqsadi ishtirokchilarning JST xalqaro savdo huquqi va nizolarni hal qilish jarayoni bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, shuningdek, ko‘p tomonlama savdo muzokaralarida qatnashish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.




