
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha master-klass
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida xalqaro xususiy huquqda intellektual mulk huquqi bo‘yicha master-klass

Joriy yilning 19-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning intellektual mulk huquqi sohasidagi bilim darajasini oshirish maqsadida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida master-klass o‘tkazildi. Mazkur master-klass “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Masadikov Sherzodbek hamda ushbu kafedra professori Imamova Dilfuza tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, tijoratlashtirish va himoya qilishga ixtisoslashgan yetakchi “Legalmax” yuridik firmasi boshqaruvchi hamkori, advokat va patent vakili Mahmudov Muhammadali ishtirok etdi. Shuningdek, master-klassda kafedraning professor-o‘qituvchilari hamda “Xalqaro huquq” fakultetining 3-bosqich talabalari qatnashdilar.
Master-klass davomida Mahmudov Muhammadali intellektual mulkning asosiy obyektlarini, jumladan sanoat mulki, mualliflik huquqi va individuallashtirish vositalarini batafsil yoritib berdi, shuningdek ularning ahamiyatini amaliy misollar va keyslar orqali tushuntirib berdi. Ayniqsa, intellektual mulk sohasini tartibga soluvchi xalqaro-huquqiy hujjatlar hamda ularning zamonaviy huquqni qo‘llash amaliyotidagi o‘rni alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Talabalar muhokama etilgan masalalarga katta qiziqish bildirdilar, munozaralarda faol ishtirok etdilar, intellektual mulk huquqining amaliy jihatlariga oid savollar berdilar hamda ularga batafsil va mazmunli javoblar oldilar.
Mazkur master-klassning o‘tkazilishi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari orasidagi 16-maqsad – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”, xususan 16.3-band (qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlovga teng kirishni kafolatlash), shuningdek 17-maqsad – “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik”, ayniqsa 17.6-band (fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ularga kirishni kengaytirish)ni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Master-klass akademik muloqotni rivojlantirish, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ta’lim jarayonini takomillashtirishga munosib hissa bo‘ldi.
| Sana: | 20.03.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 49 |
| Ulashish: |




