
JIDUda “Fikrlar marafoni” tadbiri tashkil etildi
JIDUda “Fikrlar marafoni” tadbiri tashkil etildi

Joriy yilning 6-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasining keng jamoatchilik muhokamasi va targʻibotini tashkil etish maqsadida “Fikrlar marafoni” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi Qonun ustuvorligini ta’minlash va davlat boshqaruvini takomillashtirish sohalaridagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Hakimova Inobatxon Marksovna ekspert sifatida ishtirok etdi.
Tadbir davomida Farmon loyihasining mazmun-mohiyati, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, mahalla institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsad va yo‘nalishlari, uning uzoq muddatli rivojlanishdagi o‘rni va ahamiyati keng yoritildi.
Talabalarga dasturda nazarda tutilgan islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini jadallashtirish, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini ta’minlashdagi muhim ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Tadbir doirasida yoshlarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi.
Fikrlar almashinuvi shaklida o‘tgan tadbir jarayonida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni tizimlashtirish hamda kelgusida amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu jarayon jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
“Fikrlar marafoni” tadbiri davlat dasturlari va strategik hujjatlarni keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar va talaba-yoshlar orasida targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni sifatida tashkil etildi.




