
JIDU professori ITEC dasturi doirasida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturida ishtirok etdi
JIDU professori ITEC dasturi doirasida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturida ishtirok etdi

Joriy yilning 3–12-dekabr kunlari “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi professori vazifasini bajaruvchisi Surayyo Usmanova Hindiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan ITEC (Indian Technical and Economic Cooperation) dasturi doirasida Nyu-Dehli shahrida tashkil etilgan “Jahon savdo tashkilotida dolzarb masalalar, barqarorlik va xalqaro savdo” mavzusidagi ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturida ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv dasturi Jahon savdo tashkiloti tadqiqotlari markazi tomonidan tashkil etilib, unda JST tizimi va barqaror rivojlanish bilan bog’liqligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, TRIPS va intellektual mulk huquqlari, savdoni osonlashtirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish, subsidiyalar, iqlim o‘zgarishi, elektron savdo, raqamli savdo, JST nizolarni hal etish mexanizmi hamda JST islohotlari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Dastur davomida Surayyo Usmanova 10-dekabr kuni o‘tkazilgan ishtirokchilar taqdimotlari sessiyalarida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda mamlakatning davom etayotgan muzokaralari, ichki islohotlari, JST qoidalariga moslashuvi hamda a’zolikning milliy savdo siyosatiga kutilayotgan ta’siri yoritib berildi.
Ushbu o‘quv dasturida Surayyo Usmanova yetakchi olimlar, sobiq JST elchilari va xalqaro ekspertlar tomonidan olib borilgan ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, rivojlanayotgan davlatlar uchun savdo siyosati bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Mazkur dastur doirasida olingan bilim va tajriba Surayyo Usmanovaning ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatini yanada rivojlantirishga, shuningdek, xalqaro iqtisodiy huquq va savdo huquqi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
| Sana: | 13.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 124 |
| Ulashish: |




