
JIDUda arab tili bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda arab tili bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 10-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Sharq tillari kafedrasida arab tilini o‘rganayotgan 3-kurs talabalari uchun “Arab tilidagi diplomatik yozishmalar turlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
“Xalqaro muammolarni amaliy tahlil qilish” kafedrasi mudiri Lutfiddin Xo‘jayev talabalarga arab tilidagi diplomatik yozishmalarni yuritish bo‘yicha o‘z amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, diplomatik xatlar, notalar va memorandumlarning ayrim lingvistik, uslubiy va tuzilish xususiyatlarini batafsil tushuntirdi.
Tadbir davomida ma’ruzachi bu turdagi hujjatlarga qo‘yiladigan rasmiy va me’yoriy talablarni amaliy misollar asosida chuqur tahlil qildi, diplomatik protokol elementlari va arab tilidagi nutq odobiga alohida e’tibor qaratdi.
Talabalar bilan jonli muloqot tashkil etilishi va ularning mini-treningda ishtiroki amaliy mashg‘ulotning interaktivligini oshirdi hamda tinglovchilarni o‘quv jarayoniga faol jalb etdi.




