
JIDU birinchi prorektori talabalar turar joyiga ishchi tashrif amalga oshirdi
JIDU birinchi prorektori talabalar turar joyiga ishchi tashrif amalga oshirdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori O. Yusupdjanov tomonidan talabalar turar joyiga (TTJ) navbatdagi ishchi tashrif amalga oshirildi. Tashrif davomida talabalar yashash sharoitlari, ularning kundalik hayoti, mavjud imkoniyatlar va TTJda yaratilgan ijtimoiy-maishiy muhit holati har tomonlama o‘rganildi.
Birinchi prorektor avvalo TTJning umumiy infratuzilmasi, xonalar holati, isitish va yoritish tizimlari, maishiy qulayliklar, oshxona va yuvinish xonalaridagi sharoit, shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi bilan batafsil tanishdi. Xavfsizlik choralarining ta’minlanishi, yong‘inga qarshi tizimning ishlash holati va TTJ hududidagi tartib-intizom masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, talabalar yashayotgan xonalarda tozalikni saqlash darajasi, umumiy foydalanish hududlarida belgilangan qoidalarga rioya qilinishi va TTJning ichki tartib-intizom talablari qanday bajarilayotgani atroflicha o‘rganildi. Tashrif jarayonida ayrim xonalarda tozalik yetarli darajada ta’minlanmagani, sanitariya qoidalariga rioya etish bo‘yicha kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, mas’ullarga bu borada zudlik bilan choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O. Yusupdjanov TTJ menejeri, kurs tyutorlari va Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga tartib-intizomni mustahkamlash, talabalar o‘rtasida tozalik, mas’uliyat va madaniyatni oshirish bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazishni, shuningdek, tartib-qoidani buzgan talabalar bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rishni topshirdi. TTJda muntazam monitoring olib borish va tashkiliy-intizomiy ishlarni kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida birinchi prorektor talabalar uchun yanada qulay, xavfsiz va ma’naviy sog‘lom muhit yaratish universitetning ustuvor vazifalaridan biri ekanini qayd etdi. Shuningdek, TTJdagi sharoitlarni doimiy takomillashtirish, talabalar farovonligini oshirish hamda tartib, tozalik va o‘zaro hurmatga asoslangan yashash madaniyatini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.




