
JIDU professor-o‘qituvchilari 294-maktabda “Konstitutsiya – davlatimiz tayanchi” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etishdi
JIDU professor-o‘qituvchilari 294-maktabda “Konstitutsiya – davlatimiz tayanchi” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etishdi

Joriy yilning 5 dekabr kuni Toshkent shahri Mirobod tumani 294-sonli davlat iqtisoslashtirilgan umumta`lim maktabida Konstitutsiya kuni munosabati bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining professor-o‘qituvchilari Sh.Masadikov, N.Raimova, D.Imamova, G.Lobanova, Sh.Umirzoqov va S.Abdurahimovalar tomonidan “Konstitutsiya – davlatimiz tayanchi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Ushbu tadbir davomida maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy tamoyillari, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, konstitutsiyaviy tuzumimizning jamiyat hayotidagi ahamiyati kabi masalalar keng yoritildi. Shuningdek, yoshlarning vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishida Konstitutsiyaning o‘rni, yosh avlodning kelajakdagi istiqbollari va ularning huquqiy madaniyati masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, professor-o‘qituvchilardan batafsil javob oldilar. Konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, yoshlarning huquqiy ongini oshirish va milliy g‘urur hissini mustahkamlash yo‘llari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Universitet professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalarida mamlakatimizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (SDGs) milliy darajada amalga oshirish yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tdilar. Professor-o‘qituvchilar Barqaror rivojlanish maqsadlari Konstitutsiyada belgilangan demokratik tamoyillar, inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan chambarchas bog‘liqligini alohida ta’kidladilar.
Mazkur yondashuv o‘quvchilarda nafaqat konstitutsiyaviy bilimlarni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning global rivojlanish jarayonlaridagi o‘rnini anglash, jamiyat uchun mas’uliyatli va faol fuqaro bo‘lish motivatsiyasini kuchaytirishga xizmat qildi.
| Sana: | 05.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 65 |
| Ulashish: |




