Talabalar huquqiy savodxonligini oshirish: Adolat va taraqqiyot uchun tashabbus

Talabalar huquqiy savodxonligini oshirish: Adolat va taraqqiyot uchun tashabbus

    Talabalar huquqiy savodxonligini oshirish: Adolat va taraqqiyot uchun tashabbus

    Talabalar huquqiy savodxonligini oshirish: Adolat va taraqqiyot uchun tashabbus

    Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish yo‘lida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) innovatsion va zamonaviy yondashuvlar keng qo‘llanilmoqda. Ana shunday samarali tashabbuslardan biri sifatida Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetida “Ingliz tili” va “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedralari o‘qituvchilari tomonidan 2-semestr davomida amalga oshirilgan talabalar huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihani alohida e’tirof etish mumkin.

    Mazkur loyiha doirasida birinchi bosqich talabalari uchun ingliz tilini xalqaro huquq kontekstida o‘qitish orqali nafaqat ularning til kompetensiyalarini, balki huquqiy savodxonligini ham oshirishga xizmat qildi. Loyiha doirasida tanlangan asosiy mavzu — "Lobbizm" bo‘lib, bu mavzu orqali talabalar jamiyatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy va huquqiy jarayonlarni ingliz tilida tahlil qilish, fikr bildirish va muhokama yuritish ko‘nikmalarini shakllantirishdi.

    Loyihada “Davlat va huquq nazariyasi” fani doirasida talabalarga lobbizm tushunchasi, uning xalqaro huquqiy asoslari, demokratik jamiyatdagi o‘rni, siyosiy va huquqiy ta’sir doiralari bo‘yicha nazariy ma’lumotlar taqdim etildi. Darslarda talabalar lobbizmning qonuniy va noqonuniy shakllari, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar guruhi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan bog‘liqligi kabi masalalarni o‘rganishdi. Bu orqali ular nafaqat huquqiy bilimga ega bo‘lishdi, balki murakkab siyosiy jarayonlarni tahlil qilish va ularga tanqidiy yondashish malakasini ham shakllantirishdi.

    “Ingliz tili” fani doirasida esa o‘rgangan nazariy bilimlarni mustahkamlash maqsadida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda talabalar lobbizm simulyatsiyasi orqali turli manfaatlar vakili sifatida chiqish qilib, jamiyatda mavjud bo‘lgan biror qonun, tartib yoki qoidaga tanqidiy yondashdilar. Ular tanlangan sohada o‘zgarishlar kiritish zaruratini asoslab berishdi, huquqiy takliflarni ishlab chiqdilar va bu takliflarini ingliz tilida himoya qilishdi. Ushbu jarayon ingliz tilidagi huquqiy atamalarni puxta o‘zlashtirish, og‘zaki va yozma muloqot kompetensiyalarini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash va ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

    Lobbizm mavzusini tanlash bejiz emas. Zamonaviy demokratik jamiyatlarda lobbizm qonunchilik jarayoniga fuqarolar va manfaatlar guruhlarining bevosita ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida keng qo‘llaniladi. Talabalar uchun bu mavzuni o‘rganish nafaqat kasbiy tayyorgarlik, balki fuqarolik ongini shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Lobbizm orqali fuqarolar davlat boshqaruvi va qonun chiqarish jarayonida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu jihatdan, bu mavzu talabalarda fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy mas’uliyat, faol ishtirokchilik tuyg‘ularini kuchaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, talabalar xalqaro kontekstda lobbizmning qanday amalga oshirilishini hamda uning global siyosatdagi o‘rnini ham o‘rganadilar, bu esa ularni xalqaro miqyosda fikrlaydigan, zamonaviy bilim va malakaga ega mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.