
JIDUda “Sportchi – Yurt himoyachisi” shiori ostida suzish musobaqasi o‘tkazildi
JIDUda “Sportchi – Yurt himoyachisi” shiori ostida suzish musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan joriy yilning may oyi mamlakatimizdagi oliy va kasbiy ta’lim muassasalarida “Sport oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik doirasida “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida sportning o‘ndan ortiq turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 21-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Sportchi – Yurt himoyachisi” shiori ostida suzish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus yoshlarda jismoniy faollikni oshirish, ularni sog‘lom hayot tarziga jalb qilish, sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda Vatanga sadoqat, iroda va bardamlik ruhida tarbiyalash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Musobaqada JIDU professor-o‘qituvchilari, boshqa OTM talabalari, shuningdek, sportga qiziquvchi talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Musobaqaning hurmatli mehmonlari qatorida O‘zbekiston SSR va sobiq Ittifoq musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan sport faxriysi va qutqaruvchi murabbiy Dilshod Saidovich Egamberdiyev, shuningdek, musobaqaning bosh hakamligiga tayinlangan Barno Umarjanovna Badalova tadbirga taklif etildi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Tadbirni ochib berish uchun JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.Yusupdjanov so‘zga chiqib, talaba-yoshlarga sport oyligi doirasida o‘tkaziladigan turli musobaqalarda faol ishtirok etishlari, sog‘lom turmush tarziga sodiq qolishlari hamda yuqori natijalarga erishishlarida omad tiladi.
Musobaqada ishtirokchilar o‘z mahoratini namoyish etib, haqiqiy sport ruhiyatini ko‘rsatdilar. Musobaqa yakunlangandan so‘ng, g‘oliblar va faol qatnashchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bunday musobaqalar yoshlarga sport va salomatlikning ahamiyatini targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Sana: | 23.05.2025 |
Ko'rganlar soni: | 213 |
Ulashish: |