
JIDU talabalari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasi modelida Latviya nomidan chiqish qildi
JIDU talabalari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasi modelida Latviya nomidan chiqish qildi

2026-yil 24-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasining “BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirish mexanizmi” mavzusidagi modeli bo'lib o'tdi. Unda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalari va huquqni muhofaza qilish akademiyalari jamoalari ishtirok etdi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini Xalqaro huquq fakulteti talabalari Damir Radjabayev, Davlatjon Umarov, Mironshox Tursunboyev va Munisaxon Amerkulova vakillik qildi. Jamoa Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva rahbarligida tayyorgarlik ko'rdi.
Konferensiyani Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari Yevgeniy Kolenko ochib berdi. Ochilish marosimida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi (UNODC) mintaqaviy vakolatxonasining korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo'yicha katta ofitseri Azat Irmanov, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi dastur menejeri Yana Kurpisha hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning "Samarali davlat boshqaruvi" dasturi rahbari doktor Viktor Kessler so'zga chiqdi. Konferensiyani Akademiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi xodimi Bogdan Yumatov moderatorlik qildi.
Konferensiya ikki bosqichda o'tdi va Konvensiyaning 5-moddasi — "Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi harakat qilish siyosati va amaliyoti"ga bag'ishlandi. Birinchi bosqichda JIDU jamoasi qur'a natijasiga ko'ra Latviya Respublikasi nomidan "Latviyaning korrupsiyaga qarshi siyosati" mavzusida chiqish qildi. Talabalar korrupsiyaga qarshi siyosatni muvofiqlashtiruvchi markaziy organ — Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB) faoliyati, manfaatlar to'qnashuvining oldini olish, ichki nazorat, davlat xizmati etikasi va xabar beruvchilarni himoya qilish mexanizmlarini taqdim etdi. Shuningdek, KNAB tomonidan OECD bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ichki nazorat samaradorligini baholash metodikasi hamda Latviyaning BMT, OECD, YeXHT va GRECO bilan xalqaro hamkorlik tajribasi yoritildi.
Ikkinchi bosqichda jamoa O'zbekiston nomidan chiqib, ikki davlat qonunchiligini qiyosiy tahlil qildi. Talabalar ayrim yo'nalishlarda — xabar beruvchilarni himoya qilish, korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan shaxslar reyestri va davlat xizmatidan keyingi cheklovlar bo'yicha O'zbekiston qonunchiligi hatto qat'iyroq ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, Latviya tajribasi asosida uchta taklif ilgari surildi: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mustaqilligining qonun darajasidagi kafolatlarini mustahkamlash, aktivlar va manfaatlar deklaratsiyasi to'g'risidagi qonunni qabul qilish hamda mansabdor shaxslar aktivlarining qonuniy kelib chiqishini tekshirish mexanizmini joriy etish. Jamoa ekspertlar va boshqa delegatsiyalarning savollariga ham javob berdi.
Har bir bosqich yakunida UNODC vakillari Azat Irmanov va Florian Lair hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining yetakchi inspektori Po'lat O'roqov jamoalarning chiqishlari bo'yicha ekspert sharhlari va tavsiyalarini berdi. Ekspertlar JIDU jamoasining chiqishini yuqori baholadi. Konferensiya natijalarini muhokama qilish va yakuniy xulosalarni umumlashtirish bilan yakunlandi, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Konferensiya modelida ishtirok etish talabalarga xalqaro tashkilotlarning ish uslubini amalda his qilish, xorijiy davlatlarning qonunchiligi va amaliyotini qiyosiy-huquqiy tahlil qilish hamda o'z pozitsiyasini xalqaro maydonda dalillar bilan himoya qilish ko'nikmalarini rivojlantirish imkonini berdi.
Tadbir 16-BRM "Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar" bilan bevosita bog'liq: u 16.5-vazifa — korrupsiya va poraxo'rlikni barcha shakllarda sezilarli darajada qisqartirish hamda 16.6-vazifa — barcha darajalarda samarali, hisobdor va shaffof institutlarni shakllantirishga xizmat qiladi. UNODC, Yevropa Ittifoqi, GIZ va Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta'lim muassasalari ishtirokidagi konferensiya 17-BRM "Barqaror rivojlanish yo'lida hamkorlik"ni, talabalarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirish esa 4-BRM "Sifatli ta'lim"ni qo'llab-quvvatlaydi.



