
JIDU talabalari Islom Sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan “Zoʻravonliksiz kelajak” yoshlar muloqotida ishtirok etdi
JIDU talabalari Islom Sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan “Zoʻravonliksiz kelajak” yoshlar muloqotida ishtirok etdi

Joriy yilning 21-noyabr kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Zoʻravonliksiz kelajak” shiori ostida “Zamonaviy jamiyatda ijtimoiy bardoshlilik va zoʻravonlikning oldini olish” mavzusida yoshlar muloqoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi oʻqituvchisi M.Abdurahmanova va talabalar faol ishtirok etdi.
Muloqot Yoshlar ishlari agentligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti tomonidan, GIZning “Markaziy Osiyoda zoʻravon ekstremizmning oldini olish” mintaqaviy loyihasi koʻmagida tashkil etildi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xotin-qizlar va bolalarni himoya qilish, zoʻravonliksiz munosabatlar madaniyatini targʻib etish hamda ijtimoiy bardoshlilikni mustahkamlashdan iborat.
Ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Shahnoza Joldasova, Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari Abdulaziz Muminov hamda GIZning “Markaziy Osiyoda zoʻravon ekstremizmning oldini olish” mintaqaviy loyihasi rahbari Stefan Buxmayer soʻzga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar. Marosim doirasida “30 ta tashabbus” ishga tushirildi.
Tadbirning asosiy qismida soha mutaxassislari va ekspertlar maʼruza qildilar. Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi deputati Jamila Shermuhammedova xavfsiz va bardoshli ijtimoiy muhitni shakllantirishda mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati va mahalla darajasidagi profilaktikaning oʻrni haqida soʻzlab berdi.
Vatan universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Jaloliddin Yusupov talabalarning xavfsizligini taʼminlash, inson qadr-qimmatini himoya qilish va zoʻravonlikning oldini olishda davlat siyosati hamda institutsional mexanizmlarning ahamiyatiga toʻxtaldi.
Yoshlar parlamenti qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, “Qizlar ovozi” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Marjona Joʻraqulova ijtimoiy bardoshlilikni mustahkamlashda xotin-qizlar yetakchiligi va yoshlar ishtirokining oʻrni haqida gapirdi.
Shuningdek, “Yoshlar muvaffaqiyati tarixi” sessiyasida yosh faollar oʻz jamoalarida zoʻravonliksiz munosabatlar madaniyatini targʻib etish, xotin-qizlar va bolalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan tajriba va tashabbuslari bilan oʻrtoqlashdilar.
Tadbir yakunida boʻlib oʻtgan savol-javoblar chogʻida JIDU talabalari mutaxassislarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javob oldilar. Tadbir soʻngida JIDU talabalari tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bunday muloqotlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularda tanqidiy fikrlash va zararli taʼsirlarga nisbatan bardoshlilikni shakllantirishga xizmat qiladi.



