Kibersavodxonlik — firibgarlikdan himoya: ichki ishlar organlari xodimlari JIDU talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi

Kibersavodxonlik — firibgarlikdan himoya: ichki ishlar organlari xodimlari JIDU talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi

    Kibersavodxonlik — firibgarlikdan himoya: ichki ishlar organlari xodimlari JIDU talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi

    Kibersavodxonlik — firibgarlikdan himoya: ichki ishlar organlari xodimlari JIDU talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazdi

    2026-yil 16-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro huquq fakultetining 2-bosqich talabalari uchun “Zamonaviy kiberfiribgarlik sxemalari va ulardan himoyalanish choralari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

    Tadbir “Jinoyat huquqi” fani doirasida Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchilari Dilshod Baxtiyor o‘g‘li Soliyev va Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva rahbarligida o‘tkazildi.

    Mahorat darsida Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarning oldini olish bo‘limi boshlig‘i M. Mirzoxidov, inspektor, leytenant S. Zulpiqorova, shuningdek, yoshlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektori Sh. Boymatov hamda J. Xojiyev ishtirok etdi.

    Mashg‘ulot davomida mutaxassislar zamonaviy kiberfiribgarlikning eng keng tarqalgan usullari, jumladan, banklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar nomidan amalga oshiriladigan soxta qo‘ng‘iroqlar, zararli APK-fayllar, soxta investitsiya va treyding platformalari, onlayn savdo hamda ishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

    Shuningdek, deepfake texnologiyalari va sun’iy intellekt yordamida ovozni soxtalashtirish, Telegram akkauntlarini noqonuniy egallash, noqonuniy qimor o‘yinlariga jalb qilish hamda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklar kabi dolzarb tahdidlarga alohida e’tibor qaratildi.

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari amaliy misollar asosida firibgarlarning harakat mexanizmlarini tushuntirib, shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy mablag‘larni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, talabalar mazkur qilmishlarning jinoyat-huquqiy kvalifikatsiyasi bilan tanishdi hamda firibgarlik holatlariga duch kelganda yoki ulardan shubhalanganda 102 qisqa raqamiga murojaat qilish zarurligi haqida ma’lumot oldi.

    Interaktiv muloqot shaklida tashkil etilgan mashg‘ulot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, batafsil javoblar oldilar.

    Mazkur tadbir talabalarning jinoyat huquqi bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlash, raqamli savodxonligini oshirish hamda zamonaviy axborot makonidagi xavf-xatarlarga nisbatan huquqiy xabardorligini rivojlantirishga xizmat qildi.

    Tadbir BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang bo‘lib, xususan, 16-BRM — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”ning 16.a va 16.4-vazifalari doirasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan institutsional salohiyatni mustahkamlash va noqonuniy moliyaviy oqimlarni qisqartirish masalalariga, shuningdek, 4-BRM — “Sifatli ta’lim”ning 4.4-vazifasi doirasida yoshlarning zamonaviy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.