
JIDUda O‘zbekistonning JSTga a’zolik jarayonida bojxona qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga bag’ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekistonning JSTga a’zolik jarayonida bojxona qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga bag’ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2026-yil 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi katta o’qituvchisi D.Soliyev tashabbusi bilan “Bojxona huquqi” fani doirasida “O’zbekistonning JSTga a’zolik jarayonida bojxona qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirish” mavzusida talabalar bilan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda kafedra professor-o’qituvchilari hamda universitet talabalari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonining hozirgi bosqichi va JST doirasidagi bojxona bilan bog’liq asosiy bitimlar muhokama qilindi. Jumladan, Tarif va savdo bo’yicha bosh bitimning (GATT) VII moddasi va Bojxona qiymatini baholash to’g’risidagi bitim, Savdoni osonlashtirish to’g’risidagi bitim, Kelib chiqish qoidalari to’g’risidagi bitim hamda intellektual mulk huquqlarini chegarada himoya qilish choralari ko’rib chiqildi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi normalarini xalqaro talablarga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2026-yil iyul holatiga ko’ra, O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi bo’yicha Ishchi guruhning 13 ta yig’ilishi o’tkazilganligi, mart oyidan buyon O’zbekiston JST qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida 190 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilganligi, mamlakat 31 ta ikki tomonlama bozorga kirish kelishuvini imzolaganligi ta’kidlandi.
Bojxona tartib-taomillarining shaffof, bashorat qilinadigan va soddalashtirilgan bo’lishi tashqi savdo hajmini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishning muhim sharti hisoblanadi. Shu sababli bu masala 8-maqsad — “Munosib mehnat va iqtisodiy o’sish” (BRM – 8) bilan uzviy bog’liqdir.
Davra suhbatining muhim jihati talabalarning faol ishtiroki bilan belgilanadi. Ular xalqaro savdo huquqi normalarini milliy qonunchilik bilan qiyosiy tahlil qildilar, JSTga a’zolikning milliy iqtisodiyot va bojxona tizimiga ta’siri yuzasidan o’z fikr-mulohazalarini bildirdilar, munozara va savol-javoblarda qatnashdilar. Bunday interaktiv shakl talabalarda xalqaro shartnomalarni sharhlash, huquqiy muammolarni tahlil qilish va o’z nuqtai nazarini asoslab berish ko’nikmalarini shakllantiradi. Bu esa sifatli ta’limni ta’minlash orqali 4-maqsad — “Sifatli ta’lim” (BRM – 4) ga erishishga xizmat qiladi.
Bojxona organlari faoliyatida qonuniylik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlash, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish orqali korrupsiya xavfini kamaytirish 16-maqsad — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” (BRM – 16) ni amalga oshirishda muhim o’rin tutadi. Shu bilan birga, O’zbekistonning JST doirasidagi universal, qoidalarga asoslangan, ochiq va kamsitishlarga yo’l qo’ymaydigan ko’p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi 17-maqsad — “Maqsadlar yo’lida hamkorlik” (BRM – 17) ni amalga oshirishga bevosita hissa qo’shadi.




