
JIDUda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining integratsiya va makroiqtisodiyot bo‘yicha vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining integratsiya va makroiqtisodiyot bo‘yicha vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati a’zosi (integratsiya va makroiqtisodiyot bo‘yicha vazir) Daniyar Sharshenbekovich Imanaliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida faxriy mehmon “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida taqdimot o‘tkazib, zamonaviy integratsiya jarayonlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) davlatlari bilan hamkorlik istiqbollariga to‘xtaldi.
O‘z ma’ruzasida Daniyar Imanaliyev YEOIIning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, institutsional tuzilmasi, iqtisodiy integratsiya mexanizmlari hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekistonning YEOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi va o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruzaning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va YEOII davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasi bo‘ldi. Taqdimotda qayd etilishicha, O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida Ittifoqning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. 2020–2025-yillarda o‘zaro savdo aylanmasi qariyb ikki baravarga oshgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida uning hajmi 15,8 milliard AQSh dollariga yetib, 22,7 foizlik o‘sishni qayd etdi.
Shuningdek, taqdimot davomida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, bojxona va texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini takomillashtirish, savdo jarayonlarini raqamlashtirish hamda zamonaviy transport-logistika yo‘laklarini shakllantirish kabi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalarni joriy etish, elektron tijoratni rivojlantirish, bojxona organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, iqtisodiy jarayonlarda innovatsion yechimlar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasining dolzarb tendensiyalari bilan yaqindan tanishish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Tadbir O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlardagi o‘rni hamda YEOII davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini chuqurroq anglash imkonini berdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bunday tadbirlarning tashkil etilishi akademik muloqotni kengaytirish, xalqaro institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro iqtisodiyot, mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy diplomatiya masalalariga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
| Sana: | 19.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 34 |
| Ulashish: |



