
NAII Investment Challenge 2026: JIDU talabalari nufuzli investitsiya tanlovida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi
NAII Investment Challenge 2026: JIDU talabalari nufuzli investitsiya tanlovida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi

2026-yil 6-noyabr kuni British Management University (BMU) maydonida NAII Investment Challenge 2026 investitsiya tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovda O‘zbekistonning 13 ta oliy ta’lim muassasasidan talabalar jamoalari ishtirok etib, investitsiya, moliya bozorlari va iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi bilim hamda amaliy salohiyatlarini namoyish etdilar.
Musobaqa ishtirokchilari ingliz tilida CFA (Chartered Financial Analyst) xalqaro professional malaka dasturi darajasidagi 200 ta savolga javob berish orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Tanlov talabalarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki tahliliy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, jamoada ishlash va moliyaviy jarayonlarni chuqur anglash ko‘nikmalarini ham baholashga qaratildi.
Tadbir doirasida Kapital Bank, Agat Credit va Freedom Finance kompaniyalari tomonidan karyera sessiyalari tashkil etildi. Ushbu sessiyalarda moliya va investitsiya sohasidagi kasbiy imkoniyatlar, mehnat bozori talablari hamda yosh mutaxassislar uchun istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va moliya bozori vakillari ishtirokida malakali kadrlarni tayyorlashda universitetlar va biznes sektori hamkorligining ahamiyatiga bag‘ishlangan panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Diplomats” jamoasi faxrli III o‘rinni egallab, 10 million so‘m miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ushbu natija universitet talabalarining xalqaro moliya va investitsiya sohasidagi bilimlari, raqobatbardoshligi hamda jamoaviy salohiyatining e’tirofidir.
G‘oliblar quyidagi tartibda aniqlandi:
I o‘rin — “Future Leaders” jamoasi (British Management University), 25 million so‘m;
II o‘rin — “Veritas” jamoasi (British Management University), 15 million so‘m;
III o‘rin — “Diplomats” jamoasi (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti), 10 million so‘m.
JIDU jamoasining mazkur tanlovga tayyorgarlik ko‘rishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishida universitet professor-o‘qituvchilari Bahodir Ishmurodov, Numonjon Malikov, Shohruh Shodiyev, shuningdek, 4-bosqich kurs koordinatori Iqboloy Narqulova yaqindan ko‘maklashdilar.
Ushbu yutuq universitetda talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni xalqaro darajadagi intellektual musobaqalarga tayyorlash hamda nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning samarali natijalaridan biridir.




