
JIDUda “Think Road Forum 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Think Road Forum 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 4–5-noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan “Global o‘zgarishlar va mintaqaviy dinamika: Markaziy Osiyo shakllanayotgan xalqaro tartibda” mavzusida “Think Road Forum 2026” xalqaro forumi o‘tkazildi.
Tadbir global geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, shuningdek, zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida Markaziy Osiyoning rolini muhokama qilish maqsadida davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi tahlil markazlari va akademik hamjamiyat vakillarini birlashtirdi.
Forumning ochilish marosimida JIDUning Akademik ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov, “Taldau AI Analytics” Vasiylik kengashi raisi Maulen Ashimbayev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrobel, Oksford universiteti dotsenti Mariya Adel Karrai hamda CAPS Unlock tashkilotining grantlar bo‘yicha katta menejeri Askar Kushqunbayev qutlov nutqlari bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov dasturiy ma’ruza bilan chiqish qildi.
Forumning birinchi kuni xalqaro tartibotning transformatsiyasi, geosiyosiy raqobatning kuchayishi va Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borayotganiga bag‘ishlandi. Panel muhokamalarida ekspertlar yetakchi jahon davlatlarining mintaqaga ta’siri, Xitoy bilan hamkorlik istiqbollari, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va tashqi siyosiy aloqalarni diversifikatsiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Britaniya akademiyasi, Oksford universiteti, “Mapping Global China” loyihasi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan alohida sessiyalarda mintaqaviy integratsiya, transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xalqaro sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Forumning ikkinchi kuni barqaror rivojlanish, mintaqaviy o‘zlik, iqtisodiy transformatsiya va texnologik innovatsiyalar masalalariga bag‘ishlandi. Dastur JIDUning ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, Sukuba universiteti professori Timur Dadabayevning Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘zlik va hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan boshlandi.
Forum doirasidagi muhim voqealardan biri BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN)ning O‘zbekistondagi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Mazkur tashabbus barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ilmiy va institutsional hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Keyingi muhokamalarda ekspertlar iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish, mintaqaviy savdoning transformatsiyasi, davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda Markaziy Osiyoning 2030-yilgacha bo‘lgan rivojlanish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Forum yakunida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro ekspertlar muloqotini kengaytirish va zamonaviy global muammolarga nisbatan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
“Think Road Forum 2026” xalqaro forumining o‘tkazilishi JIDU va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rnini, shuningdek, Toshkentning mintaqaviy va global taraqqiyotning dolzarb masalalari yuzasidan ekspertlar muloqoti uchun muhim maydon sifatidagi mavqeyini yana bir bor tasdiqladi.



