JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalari — yangi yutuqlar va xalqaro tajriba sari!

JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalari — yangi yutuqlar va xalqaro tajriba sari!

    JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalari — yangi yutuqlar va xalqaro tajriba sari!

    JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalari — yangi yutuqlar va xalqaro tajriba sari!

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari 2026-yilda ilmiy, akademik, sport va jamoat faoliyatida qator muvaffaqiyatlarga erishib, universitetimiz nufuzini munosib namoyon etmoqdalar.

    Fakultetimiz 1-bosqich talabasi, Toshkent shahar terma jamoasi a’zosi Abdulhamidova Nilufar Lochinbekovna «U-21 Qo‘mondonlik kubogi» o‘q otish musobaqasida faxrli 1-o‘rinni egalladi.

    2-bosqich talabasi Madatov Saloxiddin «Huquq va Burch» jurnalida fuqarolarning axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan ilmiy maqolasini chop ettirdi. Shu bosqich talabalari Bocharov Emirxan Temurovich va Xotamov Ulug‘bek Umrbek o‘g‘li Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada faol qatnashdilar. Konferensiyada Bocharov Emirxan Temurovich «Best Speaker» nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

    Universitetimizning yana bitta faol talabasi Aliyev Asilbek Bahromovich Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida 27-sentabrdan 2-oktabrgacha o‘tkazilgan moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro olimpiadada “Yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

    45 davlatdan 700 nafardan ortiq talaba ishtirok etgan ushbu musobaqada erishilgan natija bilan talabamizni, uning ota-onasi hamda ilmiy rahbari — JIDU o‘qituvchisi Uzakbayeva Naubaxar Baxadirovnani samimiy tabriklaymiz.

    Fakultetning 4-bosqich talabasi Rajabova E’zoza 9–11-oktabr kunlari Turkiyaning Kocaeli shahrida “Türk Dünyası Gençlik Buluşması” xalqaro tadbirida O‘zbekiston va JIDU nomidan ishtirok etdi. Tadbir doirasida u O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Sherzod Shuhratovich Abdunazarov hamda Turkiyaning AK Parti raisi o‘rinbosari —

    Prof. Dr. Kürşad Zorlu bilan muloqot qilib, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik hamkorlik, mushtarak qadriyatlar va yoshlarning xalqaro aloqalardagi o‘rni yuzasidan fikr almashdi.

    16-oktabr kuni JIDUda AQShning Penn State Dickinson Law huquq maktabi vakili Stiven Barns (Stephen Barnes) ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi. Talabalar AQShda hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili, Oliy sud qarorlari, LL.M. magistratura dasturlari va xalqaro stipendiya imkoniyatlari bilan tanishib, xalqaro huquqiy bilimlarini kengaytirdilar.

    15-oktabr kuni «Yosh siyosatchilar» marafonida JIDUning bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan Yoshlar parlamenti a’zolari faol qatnashib, dolzarb siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar yuzasidan o‘z fikr va tashabbuslarini ilgari surdilar.

    Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun Rektor stipendiyasi tanlovida Xalqaro huquq fakulteti talabalari Qurbonov Shahruz Anvar o‘g‘li, Alijonov Asrorbek Adhamjon o‘g‘li va Davlatova Kamola Xolmurod qizi stipendiya sohiblari bo‘ldilar. Ushbu e’tirof ularning akademik natijalari, ilmiy izlanishlari va universitet hayotidagi faolligining munosib samarasidir.

    Talabalarimizning yutuqlari bilimga intilish, izchil mehnat va tashabbuskorlikning yorqin namunasidir. Barcha talabalarimizni, ularning ustozlari va ilmiy rahbarlarini samimiy tabriklaymiz hamda kelgusidagi ilmiy, akademik, sport va kasbiy faoliyatlarida yangi zafarlar tilaymiz!