JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

    JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

    JIDU Yuridik klinikasida Sayyor sud majlislari tashkil etildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida Mirzo Ulug‘bek tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining sayyor sud majlislari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

    Sud majlislarida universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari, sudyalar, tuman prokurori yordamchisi hamda ichki ishlar organlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

    Sayyor sud majlislari davomida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, soliq qonunchiligi buzilishi, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik hamda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. Talabalar sud jarayonlarini bevosita kuzatish, protsessual tartib-taomillar bilan yaqindan tanishish hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Shuningdek, tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, ularning profilaktikasi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

    Ma’lumot uchun: Klinikada talabalar nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, treninglar va tajribali professor-o‘qituvchilar hamda huquqshunoslar ishtirokidagi o‘quv jarayonlari orqali mustahkamlab kelmoqda.

    Faoliyati davomida klinikaning o‘quv-amaliy dasturlarida mingga yaqin talaba ishtirok etgan. Shuningdek, minglab ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan.

    Bugungi kunda universitetning Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqichida tahsil olayotgan yuz nafarga yaqin talaba Yuridik klinika doirasidagi amaliy mashg‘ulotlar va treninglarda faol qatnashib, bo‘lajak kasbiy faoliyati uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda.

    Mazkur sayyor sud majlislari universitetda amaliy va dual ta’lim elementlarini rivojlantirish, ta’lim jarayonini sud-huquq amaliyoti bilan uzviy bog‘lash hamda bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qildi.