
JIDUda Vengriya elchisi ishtirokida maxsus ma’ruza tashkil etildi
JIDUda Vengriya elchisi ishtirokida maxsus ma’ruza tashkil etildi

2026-yil 22-oktabr kuni Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi József Rózsa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga (JIDU) tashrif buyurib, talabalar uchun maxsus ma’ruza o‘qidi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning zamonaviy xalqaro munosabatlar, Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi o‘rni, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari, shuningdek, xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqidagi bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ma’ruza davomida zamonaviy Vengriyaning siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti, mamlakatning Yevropa Ittifoqi doirasidagi o‘rni hamda O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarining rivojlanish istiqbollari xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, Vengriyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri Vengriyada oliy ta’lim olish imkoniyatlari bilan tanishtirish bo‘ldi. Xususan, Stipendium Hungaricum xalqaro stipendiya dasturi, uning doirasida xorijiy talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda Vengriya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Bu esa talabalarga xalqaro akademik mobillik imkoniyatlari va xorijda ta’lim olishning mavjud yo‘llari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.
Uchrashuv davomida diplomatik vakolatxonalarning davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishdagi o‘rni ham alohida ahamiyat kasb etdi. Elchining talabalarga bevosita ma’ruza qilishi bo‘lajak xalqaro munosabatlar mutaxassislarining diplomatik faoliyat, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik jarayonlari haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qildi.
Ma’ruza yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Vengriyaning tashqi siyosati, O‘zbekiston bilan munosabatlari hamda mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari yuzasidan batafsil javoblar oldilar.
Mazkur uchrashuv JIDUda ta’lim jarayonini amaliy diplomatik tajriba bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning xalqaro jarayonlarga doir bilimlarini chuqurlashtirish hamda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ta’lim va akademik hamkorlik istiqbollarini kengroq yoritishga xizmat qildi.




