JIDU o‘qituvchisi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi

JIDU o‘qituvchisi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi

    JIDU o‘qituvchisi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi

    JIDU o‘qituvchisi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi

    Joriy yilning 24-25-aprel kunlari Buxoro davlat universiteti Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan “Siyosiy fanlarning dolzarb masalalari-2026: raqamlashuv, xavfsizlik va global tendensiyalar bo‘yicha ilmiy forum” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasining katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nargiza Aminova, o‘zining “Dinni siyosiylashtirish zamonaviy siyosiy jarayonlar transformatsiyasining omili sifatida” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

    Ma’ruza davomida bugungi postsekulyar davridagi dinning tobora ma’naviy va shaxsiy sohalar doirasidan chiqib, jamoat va siyosiy hayotning muhim elementiga aylanayotganligi alohida ta’kidlandi. Agar klassik modernizatsiya yondashuvlari doirasida sekulyarizatsiya jarayoni kuchaygan sari dinning siyosatga ta’siri kamayadi, deb hisoblangan bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilliklar amaliyoti bu holatning aksini ko‘rsatmoqda: diniy omil yo‘qolmayapti, balki siyosiy ifoda etishning yangi shakllarini kasb etmoqda. Bugungi kunda din saylovchilarni safarbar etishda, milliy o‘zlikni  shakllantirishda, hokimiyatni legitimlashtirishda, shuningdek davlatlarning tashqi siyosiy pozitsiyasini belgilashda qo‘llanilmoqda. Bu esa diniy faktor zamonaviy siyosiy jarayonlarning tuzilmaviy ahamiyatga ega bo‘lgan komponentiga aylanayotganini ko‘rsatadi. Dinni siyosiylashtirish faqat diniylikning oshishi yoki konfessiyalarning jamoat hayotidagi rolining kuchayishi bilan cheklanmaydi. Bu ancha murakkab jarayon bo‘lib, uning doirasida diniy g‘oyalar, ramzlar, institutlar va nufuzlar siyosiy strategiya, ideologik kurash hamda hokimiyat mexanizmlarining ajralmas qismiga aylanadi. Shuning uchun ham mazkur hodisani tahlil qilish faqat uning sabablarini emas, balki namoyon bo‘lish shakllari, ta’sir darajalari va siyosiy natijalarini ham qamrab olishni talab etadi.

    Mavzu Konferensiyaning 5-shu’basi: “Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari, etnosiyosat va konfliktologiya”da tadbir ishtirokchilari tomonidan amaliy tahlil qilindi, mavzu bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi va amaliy tavsiyalar qabul qilindi. Ijodiy hamkorlik davomli bo‘lishi soha vakillariga juda samarali bo‘lishi ta’kidlandi.