JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

    JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

    JIDU rektori Yevropa qo‘shnichilik kengashi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi

    2026-yil 29-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyevning Yevropa qo‘shnichilik kengashi (European Neighbourhood Council — ENC) ijrochi direktori Samuel Doveri Vesterbye bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalish sifatida O‘rta koridorni rivojlantirish masalasi bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mazkur yo‘nalishning savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va xalqaro tranzit hamkorligini rivojlantirishdagi salohiyatini ko‘rib chiqdilar.

    Shuningdek, ta’lim hamda ilmiy-tahliliy sohalardagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan Executive Education qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish tashabbusini muhokama qildilar.

    Mazkur dasturni manfaatdor akademik institutlar, tahlil markazlari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb etgan holda amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tashabbus ekspertlar muloqotini rivojlantirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek, xalqaro munosabatlar va mintaqalararo hamkorlik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

    Mazkur tashabbusning muhokama qilinishi JIDU va yevropalik hamkorlar o‘rtasidagi akademik hamda ekspertlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.