
JIDUda startap loyihalarning navbatdagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
JIDUda startap loyihalarning navbatdagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ishtirokida innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarning navbatdagi taqdimoti tashkil etildi.
Tadbir davomida yangi ishtirokchilar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, texnologik yechimlari va startap loyihalarini namoyish etdilar. Talabalar loyihalarning asosiy maqsadlari, amaliy ahamiyati, mavjud muammolarga taklif etilayotgan yechimlar hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berdilar.
Taqdimotlar davomida har bir loyihaning innovatsion salohiyati, amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilarga o‘z g‘oyalarini yanada takomillashtirish va ularni muvaffaqiyatli startap loyihalarga aylantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida istiqbolli deb topilgan startap loyihalar UWED Startup Inkubatsiya Program 2026 dasturida ishtirok etish uchun saralab olindi.
Mazkur inkubatsiya dasturi doirasida talabalar o‘z biznes g‘oyalarini rivojlantirish, mentorlar bilan ishlash, biznes modellarini shakllantirish hamda loyihalarini investorlar oldida taqdim etishga tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu uchrashuv universitetda innovatsion va tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratilgan tizimli ishlarning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.




